Uzoq yillar davomida ta’lim sohasi ravnaqi, yosh avlod tarbiyasi va ma’rifati yo‘lida fidokorona xizmat qilgan faxriy ustozlar bugun yuksak ehtirom bilan e’zozlandi.
🇺🇿 9-may — “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i N.Xolbayeva boshchiligida ko‘p yillar davomida ta’lim fidoyisi bo‘lib xizmat qilgan faxriy ustozlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida nuroniy ustozlarning hayot yo‘li, mashaqqatli va sharafli mehnati, Vatan ravnaqi hamda yoshlar tarbiyasiga bag‘ishlangan umr saboqlari o‘quvchilar qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Ularning har bir so‘zi hayot maktabi, har bir nasihati esa bebaho xazina bo‘ldi.
Davra suhbatida uzoq yillar ta’lim tizimida sidqidildan xizmat qilgan, minglab shogirdlar kamoliga hissa qo‘shgan ustozlarning samimiy fikrlari, hayotiy xotiralari va duolari yig‘ilganlarga alohida ruh va ilhom bag‘ishladi.
Faxriy ustozlar uchun yozilgan bayram dasturxoni atrofida ularga chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatilib, ko‘p yillik fidokorona mehnati, xalq ta’limi ravnaqiga qo‘shgan munosib hissasi yuksak qadrlanildi.
Ustozni e’zozlash — millatni e’zozlashdir. Chunki ustoz bor joyda ma’rifat, tarbiya va kelajak bor.






